Farg'onada Markaziy Osiyodagi yagona metallarga qizdirilgan holda ishlov berish liniyasi ishga tushirildi
Farg'ona viloyatidagi Uzsungwoo qo'shma korxonasida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan 10 million dollarlik loyiha qiymatiga ega metallarga qizdirilgan holda ishlov berish liniyasi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining viloyat boshqarmasi rahbariyati ishtirok etdi.
Ob'yekt to'liq avtomatlashtirilgan bo'lib, eng yangi texnologiyalar asosida ishlaydi va Schuler, Prima Power, Benteler, Aotto kabi kabi dunyoning eng old mashinasozlik kompaniyalarida ishlab chiqarilgan po‘lat o‘ramdan kerakli o‘lcham olish, qizdirib presslash, lazerda kesish uskunalari bilan jihozlangan.
Yangi liniyaning ishga tushirilishi natijasida 120 ta yangi ish o'rinlari yaratildi va korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 95 million dollarga oshdi. Metallarga qizdirilgan holda ishlov berish liniyaning o'zida yiliga 19 million dollardan ortiq 2,4 million dona mahsulot ishlab chiqariladi.
Yangi texnologik jarayon, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan Tracker va Onix avtomobillari uchun 20 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirishga imkon beradi.
Ma'lumot uchun: Uzsungwoo MCHJ qo‘shma korxonasining tashkil etilgan 2012 yildan buyon viloyatimizga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 60 million dollarga yetdi. O‘zbekiston avtomobil sanoatida mustahkam o‘ringa ega korxonada 10 yildan buyon yurtimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun katta va o‘rta o‘lchamdagi 300 dan ortiq nomdagi shtamp-payvandlangan qismlar ishlab chiqariladi. Korxonada faoliyat yuritayotgan ishchilar soni 900 nafardan oshdi.