Germaniya Orolbo‘yi mintaqasi uchun Trast jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlashga o‘z hissasini qo‘shdi
Joriy yilning 16-mart kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasi faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Sarvar Xamidov, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Tilo Klinner, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Konsuelo Vidal ishtirok etdi.
Hujjatda Germaniya hukumatining Orolbo‘yi bo‘yicha Trast jamg‘armasiga 700 ming dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Mablag‘lar murakkab ekologik vaziyatning mintaqa aholisiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan manzilli qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga yo‘naltiriladi.
Tadbirda infratuzilmani takomillashtirish, innovatsiyalar va mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish orqali Orolbo‘yi mintaqasining barqaror iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash ustuvorligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan Germaniyaning hissasi milliy va mahalliy hamkorlar, BMT, NNT, FJT tizimidagi qator tashkilotlar va ilmiy doiralar sa’y-harakatlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Orolbo‘yi mintaqasida qo‘shma dasturlar va moliyaviy ko‘mak tufayli oziq-ovqat, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni hal qilish imkoni paydo bo‘ldi.
Germaniyaning O‘zbekistondagi Elchisi doktor Tilo Klinner ushbu ustuvor yo‘nalishdagi yutuqlar nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari aholisi uchun ham manfaat keltirishini, Orol fojiasi salbiy oqibatlarini global miqyosda kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun: Jami Trast jamg‘armasining ustuvor yo‘nalishlari doirasida Qoraqalpog‘istonning Beruniy, Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari hamda Nukus shahrida 7 ta loyiha amalga oshirilib, 16 million dollardan ortiq mablag‘ jalb etildi.
Shu jumladan:
- 5 ta chekka qishloqning 11 ming nafar aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 17 ta aholi punktida 8 ming 922 nafar qishloq aholisi barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlandi;
- 13 ta xususiy korxona va 3 ta qishloq xoʻjaligi kooperativi tashkil etildi;
- oʻrmon xoʻjaligida koʻchat yetishtirish 2200 gektardan 5000 gektarga, koʻchat yetishtirish 8 tonnadan 65 tonnaga koʻpaytirildi;
- AKT uskunalari o‘rnatilishi va bepul Wi-Fi zonalari yaratilishi tufayli 64 ming nafar qishloq aholisi Internet va raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi:
- 3 ta perinatal markaz modernizatsiya qilindi, 20 ming nafar ona va yangi tug‘ilgan chaqaloqqa tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilandi;
- 40 ming nafar bola va o‘smir degelmintizatsiyadan o‘tkazildi, 131 ming nafar qiz bolada kamqonlikka qarshi profilaktika choralari ko‘rildi;
– Qoraqalpog‘istonda faoliyat ko‘rsatayotgan 31 ta tibbiyot muassasasi laboratoriya jihozlari va telekommunikatsiya vositalari bilan ta’minlandi;
– 730 nafar tibbiyot xodimi qayta tayyorlandi, 1500 oila sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha kurslarda malaka oshirdi.
Germaniya hukumati bilan kelishuv imzolanishi xalqaro hamjamiyatning Orol dengizi inqirozidan jabr ko‘rgan odamlarning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini hal etish bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqlaydi.