Global yashil o'sish instituti (GGGI) bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
Joriy yilning 6-sentabr kuni investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o'rinbosari B. Abidovning O'zbekistondagi Global yashil o'sish instituti (GGGI) Mamlakatlar bo'yicha ofisining vakili A. Rassel bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Uchrashuv davomida Orolbo'yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo'yicha ko'p tomonlama Yo'l xaritasini amalga oshirish va iqlim bilan bog'liq loyihalarni moliyalashtirishni tashkil qilish doirasida GGGI bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Rassel GGGIning "Yashil o'sish" doirasidagi tadbirlarini ilgari surish bo'yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga va Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish uchun "Yashil obligatsiyalar"dan foydalanishning muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaratish maqsadida YIJ (yashil iqlim jamg'armasi) grant mablag'larini jalb qilish loyihasini ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.
GGGI va Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik trast jamg'armasi o'tasidagi hamkorlik Orolbo'yi mintaqasidagi ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni hal qilishda kompleks yondashuvlarni ilgari surishni muvofiqlashtirish, shuningdek, hududda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sa'y-harakatlarni birlashtirish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Orolbo'yi mintaqasida turmush darajasini oshirishga qaratilgan hamkorlikka oid navbatdagi tadbirlarni kelishib oldilar.