GSP+ tizimi maqomi O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri mamlakatni jahonning iqtisodiy rivojlangan davlatlaridan biriga aylantirishdir. Bu jarayonning asosiy omili sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va jahonning yetakchi bozorlariga eksport qilish hisoblanadi. Eksport hajmini oshirishda turli savdo tizimlaridan foydalanish katta ahamiyatga ega, ulardan biri GSP+ imtiyozlar tizimi shular jumlasiga kiradi.
O‘zbekiston 2021-yil 10-apreldan GSP+ imtiyozlar tizimining benefisiari hisoblanadi.
GSP+ benefitsiari sifatida O‘zbekiston GSP bilan qamrab olingan mahsulot turlarining uchdan ikki qismiga tariflarning to‘liq bekor qilinishi hisobiga standart GSPga nisbatan qo‘shimcha iqtisodiy foyda olish imkoniyatiga ega, bu esa, o‘z navbatida, eksport hajmining o‘sishiga va va mamlakatga qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga xizmat qiladi. Barqaror rivojlanish sohasidagi GSP+ majburiyatlari O‘zbekistonning ishonchli iqtisodiy hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
500 milliondan ortiq aholiga ega Yevropa Ittifoqi dunyodagi eng yirik bozorlardan biridir. Masalan, Yevropa to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining bozori 98 milliard dollar, charm-poyabzal buyumlari – 24 milliard, qishloq xo‘jaligi sanoati – 24 milliard dollarni tashkil etadi.
O'zbekistonda GSP imtiyozlaridan foydalanish darajasi hozirda ancha yuqori. Eng ko'p imtiyozlardan foydalanadigan ishlab chiqarish segmentlari to'qimachilik va tayyor kiyim mahsulotlari, plastmassa buyumlar, mevalar, yong'oqlar va sabzavotlardir. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston eksport tarkibi mintaqadagi boshqa mamlakatlarga nisbatan ancha xilma-xil ekanligidan dalolat beradi.
Natijada tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshgani qayd etilmoqda: agar 2016-yilda Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,98 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich ikki baravarga oshib 4,5 milliard dollarga yetdi va o‘sishda davom etmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning GSP+ benefitsiari maqomi berilishi hayotimizning barcha jabhalarida, jumladan, ishbilarmonlik muhiti, sud-huquq tizimini takomillashtirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, boshqaruv samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasini ko‘rsatadi.
GSP+ imtiyozlar tizimining benefisiar maqomi O‘zbekiston va Yevropa biznesi vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish imkoniyatini yaratadi. Yana bir ijobiy jihati – aholi farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatilayotganligi, chunki savdo aloqalarining chuqurlashishi mamlakatimizda ishbilarmonlikni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.