Hukumat komissiyasi Andijon viloyatidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonini o‘rgandi
Joriy yilning 14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi o‘z faoliyatini Andijon viloyatida davom ettirildi.
Tashrif doirasida Hukumat komissiyasi aʼzolari yengil sanoat kolleji negizida tashkil etilgan koʻp tarmoqli ishlab chiqarish majmuasi, “Elegant Shoes And” MChJ charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Andijon viloyat HAB” maxsus industrial zonasi kabi loyihalar bilan tanishdi. Shuningdek, “Asaka uzum va bog‘lari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 600 gektar tokzor, “NIL GRANIT” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ip-kalava va paxta matolari ishlab chiqarish korxonasi, “Xantex Oil” MChJga qarashli o‘simlik moyi ishlab chiqarish korxonalariga ham tashrif buyurishdi.
Mazkur korxonalar viloyat iqtisodiy taraqqiyotining lokomotivlaridan hisoblanadi. Masalan, Hukumat komissiyasi a’zolari ham tashrif buyurgan “Sayyora favvorasi” MChJda 1000 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanib, yiliga 8 million dollarlik mahsulot eksport qilinmoqda, “Asakatekstil” MChJda 2400 kishi ishlaydi va u MDH davlatlari, Turkiya va Xitoy respubliklariga yiliga 8,7 mln mahsulot eksport qiladi. “Sabo hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati issiqxonalarida 600 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yillik eksport salohiyati 7 million dollarni tashkil etadi.
Shu kuni Andijon shahrida Hukumat komissiyasi rahbariyatining ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchi korxonalar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda viloyatning 100 nafardan ortiq tadbirkorlari ishtirok etib, o‘z faoliyatida duch kelayotgan 135 muammoni bildirdi. Asosan, investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksport qiluvchilarni tijorat banklari tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yer uchastkalari, bo‘sh bino va inshootlar ajratish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarish, turli sertifikat va ruxsatnomalar olish, muhandislik-texnik tarmoqlarga ulash bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, 50ta masala yechimi joyida ishlab chiqildi va mas'ul rahbarlarga ijroning aniq muddatlari ko'rsatilgan tegishli maqsadli ko'rsatmalar berildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha vazirlik, idoralar, tijorat banklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga viloyat ishbilarmonlarini tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni faollashtirish topshirildi.