IHT Sammiti – savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishi uchun platforma
Bugungi kunda O‘zbekiston faol, pragmatik va ko‘p tomonlama tashqi siyosat yuritmoqda. Mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi bu yaqin va uzoq xorij davlatlari, shuningdek, MDH, ShHT, TDT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishdir. Ular orasida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) alohida o‘rin tutadi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti — mintaqaviy hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 1985-yil Tehronda (Eron) tashkil etilgan. Uning maqsadi – Janubiy va O‘rta Osiyo hamda Yaqin Sharq davlatlari o‘rtasidagi savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish. IHT BMT va Islom hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega.
IHT hamkorligining asosiy yo‘nalishlari a’zo davlatlar rahbarlarining har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan sammitlarida belgilanadi. Bugungi kunda IHTga o‘nta davlat – Ozarbayjon, Afgʻoniston, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan. O‘zbekiston IHTga 1992-yilda a’zo bo‘lgan. 2017-yildan boshlab davlat rahbarlarining sammiti har ikki yilda muntazam ravishda o‘tkazila boshlandi.
Bu yil Toshkentda boʻlib oʻtadigan sammit doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish, savdo toʻsiqlarini bartaraf etish hamda tovarlar va xizmatlar harakatini soddalashtirish, shuningdek, transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish va mintaqaning tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar muhokama qilinadi. Bundan tashqari, joriy Sammit kun tartibiga sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, energetika, turizm, iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi oʻzaro hamkorlik, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari kiritilgan.
O‘zbekiston har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq dasturlar va “yo‘l xaritalar”ni qabul qilish taklifi bilan chiqmoqda, ularning amalga oshirilishi IHT makonida iqtisodiy va gumanitar aloqalarni mustahkamlaydi.
Ma’lumot uchun: 2022-yilda O‘zbekistonning IHT mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashda eng katta ulushi Qozog‘iston (37,5%) va Turkiya (26,3%), Qirg‘iziston (10,2%), Turkmaniston (7,5%), Afg‘oniston (6,1%), Tojikiston ( 5,5%, Eron (3,5%), Pokiston (1,9%) va Ozarbayjonga (1,5%) tegishli. Shu bilan birga, 2022-yilda IHT aʼzo davlatlarining umumiy savdo aylanmasi 1 trln. dollarni tashkil etdi.
2023-yil 9 oy yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning IHT a’zo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 9,2 mlrd. dollar, O‘zbekistonning umumiy savdo aylanmasida IHT a’zo davlatlari ulushi 20,5% tashkil etdi.
Hududlararo ekspertlar savdosini koʻpaytirish va ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston IHT kotibiyati bilan birgalikda Tashkilot mamlakatlari bilan Savdoga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish va kelishish ustida ishlamoqda, uning qoʻshma ishchi guruhining birinchi yigʻilishi 22-iyun kuni Anqara shahrida boʻlib oʻtdi. Bitim bojxona ma’muriyatchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya, fitosanitariya tartib-qoidalarini uyg‘unlashtirish, soddalashtirish va raqamlashtirishni hamda mintaqaviy elektron tijorat platformasini ishga tushirish bilan veterinariya nazoratini ta’minlaydi.
Tashkilotga aʼzo mamlakatlar hududida va tashqarisida transport yoʻlaklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilishni hisobga olgan holda, IHT doirasida transport aloqalarini mustahkamlash ham birdek muhim.
Mutaxassislarning fikricha, joriy sammit natijalari keskin kelishuvlarga erishish va IHTga aʼzo davlatlar uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishni sezilarli darajada faollashtirish imkonini beradi.