Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Belorusiya hukumatlararo komissiyasining 9-yig'ilishi bo'lib o'tdi

Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Leonid Zayats hamraislik qildi. Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etishdi.

Yig‘ilish kun tartibi doirasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki Davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Belorussiya o‘rtasidagi munosabatlar yuqori va barqaror rivojlanish dinamikasi bilan ajralib turishi va bu, o‘z navbatida, ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi taʼkidlandi.

Ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy hamkorligi doirasida erishilgan yutuqlar qayd etildi. 2021 yilda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan oshib, 337,3 million dollarni tashkil etdi. Masʼul vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida o‘zaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh tuzish, shuningdek, yaqin kelajakda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron tizimini joriy qilish to‘g‘risidagi Bitimni ishlab chiqish va imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Investitsiyalar sohasidagi hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning ijobiy tendensiyalari muhokama qilindi. So‘nggi uch yil ichida O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi korxonalar soni to‘rt barobarga oshib, 157 tani tashkil etdi. Joriy yilning atigi yetti oyida 58 ta korxona tashkil etildi. O‘z navbatida, Belorussiyada o‘zbek kapitali ishtirokidagi 101 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Mashinasozlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, elektronika va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va keyinchalik ularni ikki davlatning logistika imkoniyatlaridan foydalangan holda uchinchi mamlakatlarga eksport qilish bo‘yicha hamkorlikda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning katta istiqbollari qayd etildi. Sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida shu yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Belorussiya biznes Kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishildi.

IT va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Belorussiyada 2023 yilning birinchi yarmida fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Belorussiya-O‘zbekiston komissiyasining 2-yig‘ilishini qatnashchilarning bevosita ishtirokida o‘tkazish, shuningdek, tasdiqlangan qo‘shma Ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik dasturini IT, raqamlashtirish va yuqori texnologiyalar sohasidagi yangi tashabbus va loyihalar bilan boyitish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikka, xususan, taʼlim va turizmni rivojlantirish sohasidagi munosabatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Belorussiya fuqarolari uchun "Oila uchun turizm", "Quyoshli taʼtil", "Vitaminli tur", "O‘qish va sayohat" kabi maxsus turistik xizmatlarini tashkil etishga tayyorlik bildirildi. Belorusiyalik hamkasblar joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi va 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida ishtirok etishga taklif qilindi. 2023-2026 yillarda O‘zbekiston va Belorussiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, O‘zbekistonda "Belarus kinosi kunlari" va Belorussiyada "O‘zbek kinosi kunlari"ni o‘tkazishga kelishildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tadbirlar davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi yakuniy protokol, shuningdek, ikki davlat Hukumat rahbarlarining o‘zaro tashriflari yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" imzolandi.