Isroilning MAShAV Agentligi bilan O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
Joriy yilning 29-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Isroil Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro taraqqiyot hamkorlik agentligi (MAShAV) o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: MAShAV Isroilning taraqqiyot va gumanitar yordam sohasidagi hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va amalga oshirish uchun mas’ul organ hisoblanadi.
Hujjat tajriba va bilim almashish hamda Isroilning moliyaviy yordami bilan Oʻzbekistonning kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida qishloq va suv xoʻjaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalarda ikki tomonlama hamkorlik mexanizmini yaratishni nazarda tutadi. Shu maqsadda Isroillik mutaxassislarning O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish, qo‘shma seminarlar, konferensiyalar va treninglar o‘tkazish, axborot va ilg‘or tajriba almashish rejalashtirilgan.
Tadbir davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va Isroil ishbilarmon doiralarining hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash maqsadida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirishda isroillik kompaniyalarning faol ishtirokini aniqlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.