Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

ISSV ishchi guruhi Sirdaryo viloyatidagi sanoat obyektlarida o‘rganish o‘tkazdi

Joriy yilning 22-iyun kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatining bir qator ishlab chiqarish obyektlariga tashrif buyurdi.

Tashrifdan koʼzlangan asosiy maqsad korxonalar faoliyati bilan joylarda yaqindan tanishish, hududiy investitsiya dasturini oʼz vaqtida amalga oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini koʼpaytirish boʼyicha koʼrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oʼrganishdan iborat.

Malumot uchun: Sirdaryo viloyatida yil boshidan buyon qiymati 120,4 mln dollarlik 299 ta loyihalar ishga tushirildi va natijada 4 973 ta yangi ish oʼrinlari yaratildi. Bugungi kunda viloyatda 2 279 ta sanoat korxonalari mavjud. 2023-yilda viloyatda 13,7 trln soʼmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va oʼtgan yilga nisbatan 110,8 foiz (2022 yilda 12,2 trln soʼm) oʼsishni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Tashrif ish dasturiga muvofiq, Sirdaryo, Guliston, Mirzaobod, Xovos tumanlari hamda Guliston va Yangier shaharlaridagi korxonalarga borildi.  

Xususan, “Peng Sheng” kompaniyasi tomonidan charm mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasining amalga oshirilishi, polipropilen qop va streych plenka ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Sirdaryo mega lyuks” va “World of Techno” korxonalari, shuningdek, zamonaviy avtomobil ishlab chiqaruvchi “Аsaka motors” korxonasi, dori mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Omonmedpharm”, qurilish ip-kalava ishlab chiqaruvchi “Mili teks Sirdaryo” va “Guliston Gold Yarn”, tikuv trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Elegant fiber textile”, quvvati 220 MVt boʼlgan “Cengiz Enerji San. ve Tik. Ink.” elektr stantsiyasi faoliyati oʼrganildi.

Tashrif davomida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida ular viloyatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha o‘z muammo va takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Har bir ko‘tarilgan masala bo‘yicha yechim yo‘llari, jumladan, tizimli muammolarga kompleks yondashuvni nazarda tutuvchi algoritmlar ishlab chiqildi, aniq muddatlar va mas’ul ijrochilar belgilab olindi.

Tashrif yakunida masʼul rahbarlarga tadbirkorlarni har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlanib, viloyatning sanoat va eksport salohiyatini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.