Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

ITSV, OTP bank va “Ipoteka-bank” ATIB rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 12-dekabr kuni “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Vengriya OTP banki tomonidan O‘zbekiston “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki sotib olinishi bo‘yicha shartnoma imzolanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Brifingda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, OTP Bank guruhi direktorlar kengashi raisi, bosh ijrochi direktori Shandor Chani va “Ipoteka-bank” boshqaruvi raisi Elyor Inomjonov so‘zga chiqdi.

Shartnomaning imzolanishi O‘zbekiston rahbarining oktabr oyida Budapeshtga tashrifi va joriy yilning noyabr oyida boʻlib oʻtgan qo‘shma biznes-forumdan so‘ng rivojlanishga kuchli turtki bo‘lgan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Vengriya munosabatlarining keyingi yillarda izchil kengayishi samarasi ekani ta’kidlandi.

Yevropaning yetakchi banklaridan birining O‘zbekiston bozoriga kirish istiqbollarini har tomonlama tahlil qilgan ikki tomon mutaxassislari guruhlarining katta va mashaqqatli mehnati ham alohida ta’kidlandi.

So‘zga chiqqanlar “OTP bank” tomonidan “Ipoteka-bank”ni sotib olinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, Vengriyaning boshqa yirik bank va kompaniyalariga o‘zbekistonlik hamkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish imkonini berishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston bank sektorida OTP bankning mavjudligi O‘zbekiston banklarining transformatsiyasi, raqobatni rivojlantirish, raqamlashtirish va bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun katalizator bo‘lishiga qat’iy ishonch bildirildi. Umuman olganda, bank xizmatlari sifatini yaxshilash, shuningdek, Vengriya va Yevropa bizneslari uchun O‘zbekistonga sarmoya kiritish uchun kuchli signal bo‘lib xizmat qiladi. Vengriya tomoni yangilangan strategiyalar, zamonaviy bank mahsulotlari, korporativ boshqaruv va risklarni boshqarishning ilg‘or standartlarini joriy etishga tayyorligini bildirdi.

Vengriya biznesining pragmatik yondashuvi va uning O‘zbekistondagi o‘zbek hamkorlari bilan munosabatlarni kengaytirish istagi yuqori baholandi. O‘zbekiston tomoni qo‘shma tashabbuslarni, har ikki davlatning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradigan hamkorlikni izchil rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Anjumanda savol-javob ham bo‘lib o‘tdi, unda OAV vakillari shartnomaning o‘zlarini qiziqtirgan jihatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar oldi.