Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Jahon savdo tashkiloti (JST) kirishi bo‘yicha Muzokaralar olib borish guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 14-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Badriidin Abidov raisligida O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha Muzokaralar olib borish guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya rahbari topshiriqlari ijrosining bugungi holati, Tashkilotga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlashni jadallashtirish chora-tadbirlari, shuningdek, tematik ishchi guruhlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Ayni bosqichda vazirlik va idoralar JSTga aʼzo davlatlarning tovar va xizmatlar bozoriga chiqish boʻyicha yangilangan takliflari asosida qoʻshimcha muzokaralar pozitsiyalarini ishlab chiqish jarayonini jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, JSTga aʼzo davlatlar bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarning navbatdagi raundlarini, shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan Tashkilot Kotibiyati bilan maslahatlashuvlarni oʻtkazish doirasida aniq vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda JSTga aʼzo bo‘lish jarayoniga, jumladan, tizimli hujjatlar va muzokaralar pozitsiyalarini tayyorlash, shuningdek ularni amalga oshirishga jalb qilingan tematik ishchi guruhlardagi har bir mutaxassis faoliyatiga tanqidiy baho berildi.

Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, tematik ishchi guruhlarga kun tartibidagi tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha har hafta amaliy seminarlar o‘tkazish hamda respublikaning JSTga kirishi jarayonida keyingi muzokaralarni sifatli tashkil etishga doir takliflar ishlab chiqish topshirildi.