Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Jenevada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya Shveysariyaning Jeneva shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Shu vaqtga qadar tashrif kun tartibi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Xususan, 2023-yil 14-mart kuni Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev Jahon savdo tashkiloti (JST) Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish masalalari, jumladan, joriy yilning 14-15 mart kunlari Ishchi guruhning 6-yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mamlakatimizning Tashkilotga a’zo bo‘lishini jadallashtirish maqsadida JSTga aʼzo barcha davlatlar bilan tovar va xizmatlar bozorlariga kirib borish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralarni faollashtirish va ularning yakunlari boʻyicha tegishli bayonnomalarni imzolash zarurligi qayd etildi.

JST Bosh direktori Oʻzbekiston hukumatining respublikaning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni doirasidagi sa’y-harakatlarini, shu jumladan, yirik a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borayotganini olqishladi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning faol tashabbuskorligi tufayli Tashkilot bilan hamkorlik ijobiy dinamikaga ega boʻldi.

Ayni paytda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. 2 kun davomida bo‘lib o‘tadigan mazkur yig‘ilishda respublika savdo rejimining barcha jihatlariga taalluqli 10 dan ortiq yangi hujjatlar ko‘rib chiqiladi.