Koreya Eksimbanki delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Koreya Eksimbankining EDCF Jamg‘armasi bosh direktori Xva Jun So bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida Jamg‘arma tomonidan qo‘llab-quvvatlangan umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq bo‘lgan sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Milliy onkologiya markazi va Kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi qurilishi hamda “Toshkent Pharma Park” klasteri hududida farmatsevtika universitetini tashkil etish (1-bosqich) loyihalari shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, “Tibbiyot universitetini tashkil etish” va “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-o'quv qismlarini yaratish” (II-bosqich) loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida ahdlashuv bayonnomasini imzolashni tezlashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, qarz bitimlarini imzolashdan oldingi tartibotlarni soddalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar va hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, mintaqaviy avtomobil va temir yo‘l kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirishni belgilab oldilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama qilingan tashabbuslarni, shuningdek, 2023-2024-yillarda hayotga tatbiq etishga rejalashtirilgan yangi loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.