Mareven Food Holdings O‘zbekistonda investitsiyaviy loyihani amalga oshiradi
Shu yilning 22-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Mareven Food Holdings (Vyetnam) kompaniyasi direktori Nguyen Duong bilan videokonferensiya tarzida muzokaralar o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun: Mareven Food Holdings qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va tarqatish bo'yicha loyihalarga sarmoya kiritish sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning xalqaro portfeliga Rollton, BIGBON, Mareven Professional Food, Petra, Actibo brendlari kiradi.
Uchrashuvda 125 million dollarlik tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar, quritilgan sabzavotlar, chipslar ishlab chiqaradigan yirik zavodni qurish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar atroflicha muhokama qilindi. Loyiha Toshkent viloyatidagi “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilib, 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Muzokaralar chog‘ida vetnamlik hamkorlar kompaniya mahsulotlarini qabul qilish va O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga tarqatish maqsadida Toshkent viloyatida logistika markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning joriy holati haqida ham so‘zlab berdi. O‘zbekiston tomoni kompaniyaning mamlakatimizdagi sarmoyaviy tashabbuslarini amalga oshirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar Oʻzbekistonda Mareven Food Holdings kompaniyasining ishlab chiqarish va logistika obʼyektlarini ishga tushirish va yangi ish oʻrinlari yaratishni nazarda tutgan holda loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish yuzasidan hamkorlik qilish tartibini kelishib oldilar.