Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Markaziy Osiyo davlatlari: birgalikda buyuk kelajak sari

Joriy yilning 24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Markaziy Osiyo davlatlari vazirlarining mintaqaviy integratsiya masalalari bo‘yicha “C5+1” mintaqaviy diplomatik platformasi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID ma’muri Samanta Pauer, Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliev, Qirg‘iziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Chingiz Makeshov, Tojikiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri o‘rinbosari Axliddin Nuriddinzoda, Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri o‘rinbosari Kerimberdi Qurbonov hamda USAID, Markaziy Osiyo davlatlari vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.

Laziz Kudratov yig‘ilish ishtirokchilariga qutlov so‘zi bilan murojaat qilar ekan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mahsulotlar yetkazib berish zanjiri barqarorligini ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish orqali mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, joriy yilning sentabr oyida Nyu-York shahrida mintaqa davlat rahbarlarining C5+1 platformasi doirasidagi tarixiy uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar sezilarli darajada mustahkamlangani, buning natijasida ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi koʻrsatkichlarning keskin oʻsishiga erishilganligi taʼkidlandi.

Xususan, 2022-yilda mintaqa davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 2017-yilga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘payib, 220 milliard dollarni tashkil etdi, o‘zaro investitsiyalar hajmi esa 5,6 barobar oshdi. Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti so‘nggi besh yilda 40% o‘sdi va 2022-yil oxiriga kelib 406 milliard dollardan oshdi.

Erishilgan natijalar mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyatidan toʻliq foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yoʻlidagi oraliq bosqich ekani qayd etildi.

Uchrashuv doirasida raqamli va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, biznes yuritish uchun investitsiya va qulay muhitni yaxshilash, mehnat resurslarini rivojlantirish, mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini oshirish bo‘yicha yagona pozitsiyalarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan panel sessiyalari o‘tkazildi.

Hududlararo savdoni kengaytirish va transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, energetika integratsiyasini takomillashtirish va ekologik toza energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi.

USAID Administratori Samanta Pauer tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi, unda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tashkilotning savdo, energetika va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida qoʻshma tashabbuslarni jadal amalga oshirishni taʼminlashga qaratilgan loyihalari haqida maʼlumot berildi.

Tadbir yakunida qo‘shma bayonot qabul qilindi hamda mintaqa davlatlari va USAID o‘rtasida dekarbonizatsiya va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.