Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Markaziy Osiyoda tovarlarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikatlarining elektron almashinuvi joriy etiladi

Joriy yilning 15-16-fevral kunlari Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida Ready4Trade Markaziy Osiyo loyihasi doirasida tashkil etilgan tovarlarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikatlarning elektron almashinuvi bo‘yicha mintaqaviy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Ready4Trade Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va Xalqaro savdo markazi tomonidan turli mamlakatlaridagi sheriklar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilayotgan to‘rt yillik loyiha. Loyiha mintaqa mamlakatlarida xalqaro savdoni rag‘batlantirish orqali Markaziy Osiyoning umumiy barqaror va inklyuziv iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishga qaratilgan. Loyihaning benefitsiarlari hukumatlar, kichik va o'rta korxonalar, xususan, ayollar tomonidan boshqarilayotgan korxonalar va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlovchi tashkilotlardir.

Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlarining vakillari hamda tovarlar kelib chiqishini sertifikatlash bo‘yicha ekspertlar, shuningdek, Xalqaro savdo palatasi (ICC) va Xalqaro savdo markazi (XSM) ekspertlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari savdo operatsiyalarini raqamlashtirish va qog‘ozsiz savdo tartibini joriy etish muhimligi qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, tashqi savdo tartibotlaridan o‘tishni tezlashtirishga va chegaradan o‘tishni osonlashtirishga hamda savdoni rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan asosiy yo'nalishlardan biri hisoblanadi.

Tadbir doirasida Xalqaro savdo palatasi ekspertlari Markaziy Osiyo davlatlari doirasida elektron sertifikatlashtirish tizimlarini o‘zaro qo‘llash tartibini joriy etish tashabbusi transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish va mintaqaviy darajadagi raqamli savdo ekotizimining yaratishga ko‘maklashishga qaratilganini ham ta’kidladilar.

Tadbirning alohida mavzularga bag‘ishlangan sessiyalarida Markaziy Osiyoning vakolatli organlari va tegishli idoralari vakillari tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashtirishning tartibini joriy qilish va yuritish bo‘yicha tajriba almashish va ushbu sohada innovatsion raqamli texnologiyalarni qo‘llash masalalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro savdoda savdo tartib-qoidalarini yengillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida tovar kelib chiqishini elektron sertifikatlashtirish jarayonida ilg‘or tajribalarni o‘rganish va mavjud kamchiliklarni aniqlash bo‘yicha manfaatdor idoralar vakillari o‘rtasida hamkorlikda ish olib borishga qiziqish bildirdilar.

Tovar kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatlarning elektron almashinuvini joriy etishdan maqsad chegaralarda kelib chiqish sertifikatlarini soʻrash, qayta ishlash, topshirish va qabul qilish samaradorligini oshirishdan iborat boʻlib, bu korxonalar tomonidan chegaradan oʻtish jarayoni va eksport tartib-qoidalariga rioya qilish uchun zarur boʻlgan vaqtni qisqartiradi va ushbu jarayonlarning xavfsizligini oshiradi. Bundan tashqari, tizim mazkur hujjatlarni chiqaruvchi organlar va hududiy bojxona ma’muriyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.