Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Oʼzbek-turkman hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 13 iyulь kuni Turkmaniston hukumati va ishbilarmon doiralari delegatsiyasining tashrifi doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Buxoro shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʼrinbosari Botir Аtdaev bilan uchrashdi.

Uchrashuv chogʼida sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport va logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʼrtasidagi sanoat aloqalarini rivojlantirishga ijobiy baho berildi. Hozirgi paytda Oʼzbekistonda Turkmaniston kapitali ishtirokidagi 173 korxona faoliyat koʼrsatmoqda. Shu bilan birga, ikki mamlakat hududlarida qishloq xoʼjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, toʼqimachilik, farmatsevtika va elektrotexnika, shuningdek kimyo sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish va birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot turlarini koʼpaytirishni nazarda tutgan holda qoʼshma loyihalar sonini oshirish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Ikki mamlakat tadbirkorlarini hamkorlikka faol jalb qilish orqali oʼzaro manfaatli sanoat kooperatsiyasi loyihalari sonini koʼpaytirish boʼyicha yaqindan ish olib borish zarurligi toʼgʼrisida yakdil fikrlar bildirildi.

Shuningdek, 2021 yilda 67 foizga oshgan ikki mamlakat oʼrtasidagi tovar aylanmasining barqaror oʼsishi kuzatildi. Tomonlar yaqin kelajakda tovar ayirboshlash hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish maqsadiga erishish boʼyicha choralar koʼrishga sodiqligini tasdiqlashdi. Shu nuqtai nazardan tomonlar “Lebap–Buxoro” va “Dashoguz–Xorazm” chegaraoldi savdo zonalarini ishga tushirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.

Ikki mamlakatning transport va logistika aloqalarini rivojlantirish hamda tranzit salohiyatini yuksaltirish boʼyicha qoʼshma chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bu boradagi koʼzga koʼringan koʼrsatkichlar qayd etildi. Jumladan, oʼtgan yili Oʼzbekiston va Turkmaniston oʼrtasida yuk tashishning oʼsish surʼati 2,2 million tonnani tashkil qildi, bu esa temir yoʼl va avtomobilь transporti orqali oldingi yilda tashilgan yuk hajmlariga nisbatan tegishlilik boʼyicha 50 va 300 foizga koʼpdir. Shu nuqtai nazardan, toʼgʼridan-toʼgʼri va tranzit yuk tashishlarga oid tariflarni tartibga solish shartlarini takomillashtirish mexanizmlari, shuningdek transport yoʼnalishlarini diversifikatsiya qilish boʼyicha birgalikdagi harakatlar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida muzokaralar ishtirokchilari erishilgan kelishuvlar, muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni yanada ilgari surishga oʼzaro tayyorligini bildirdilar.