Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Ochiq muloqotga tayyorgarlik: Navoiy viloyati tadbirkorlari bilan uchrashuv

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimligi binosida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidovning mintaqa tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari hamda 150 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ishonchli va norasmiy muhitda o‘tgan muloqot yig‘ilgan tadbirkorlik subyektlari vakillariga kundalik faoliyatida duch kelayotgan muammolarni atroflicha bayon etish imkonini berdi. Ko‘tarilgan masalalar, asosan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlar olish, infratuzilmaviy kommunikatsiyalar tizimlariga ulanish, yer uchastkalari, bo‘sh turgan bino va inshootlarni ajratish va boshqa dolzarb masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi. Har bir murojaat bo‘yicha mas’ul rahbarlar ishtirokida samarali yechimlar ishlab chiqilib, ijrosi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rishga doir manzilli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan viloyatda tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha Hududiy shtab va kechayu kunduz ishlaydigan koll-markaz faoliyati o‘rganildi. Tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish, har bir masalani o‘z vaqtida ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bo‘lajak tadbirda viloyat ishbilarmon doiralari vakillarining onlayn tarzda ishtirok etishi uchun studiyalarni sifatli tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha mas’ul rahbarlarga viloyat ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlar bilan uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarni hal etishda shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.