O‘zbekiston – AQSh: savdo-iqtisodiy hamkorlikning yangi imkoniyatlari
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov AQShga tashrifi doirasida AQSh Savdo vazirining o‘rinbosari, AQSh Savdo vakilining o‘rinbosari, Jahon Banki vitse-prezidenti bilan uchrashdi, shuningdek, Amerikaning yirik kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvlar chogʻida Oʻzbekiston uchun GSP dasturining benefisiar maqomini qayta tiklash, mamlakatimizning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ishchi guruhning 7-yigʻilishini tashkil qilish, ikki tomonlama savdo munosabatlarida toʻsiqlarni bartaraf etishga moʻljallangan qoʻshma maslahat platformasini yaratish doirasida hamkorlikni faollashtirishga hamda investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va ikki tomonlama soliqqa tortishdan saqlanish bo‘yicha hukumatlararo bitimlarni tayyorlash yuzasidan muzokaralar jarayonini boshlashga kelishildi.
Shuningdek, “yashil masalalar kun tartibi”, “inson kapitalini rivojlantirish”, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, iqtisodiyotda davlat rolini kamaytirish, xususiylashtirish hamda kichik va o'rta biznesni rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish rejalashtirildi.
Amerika kiyim-kechak va poyabzal assotsiatsiyasi, Starlink, Medtronic, Colourizd, Pfizer, B2Gold, Morgan Stanley, Akin Gump, Cerberus Frontier va boshqa yirik kompaniyalar rahbariyati bilan ham muzokaralar olib borildi.
Banklar, kimyo korxonalari va uyali aloqa kompaniyalarini xususiylashtirish, innovatsion vaksinalar ishlab chiqarish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga ilg‘or texnologiyalar va dasturiy ta’minotni joriy etish loyihalarini amalga oshirish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh investitsiyalarini jalb qilish masalalari kelishib olindi.
ISSV rahbariyatining AQShga tashrifi davom etmoqda.