O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini kengaytirish istiqbollari
Joriy yilning 19-yanvar kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Torlotni qabul qildi.
Uchrashuvda investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda qo‘shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish, O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
O'zaro savdoda ijobiy dinamika kuzatilayotgani qayd etildi. O‘tgan yil davomida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 15 foizga oshib, 203,2 million dollarni tashkil etdi. Boshqa choralar bilan bir qatorda Buyuk Britaniyaga eksportni diversifikatsiya qilish va Birlashgan Qirollikning Kengaytirilgan preferensiyalar tizimi (“GSP Enhanced Framework”) benefitsiari maqomi beradigan barcha imkoniyatlaridan foydalanish orqali ushbu ko‘rsatkichlarni oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Masalan, ushbu tizim doirasida 2022 yilda Buyuk Britaniyaga o'zbek mahsulotlarini yetkazib berish hajmlari 30 foizga oshdi.
Investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 50 foizdan ortiq o‘sib, 331 taga yetdi. Ular iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda.
Tomonlar Standard Chartered va UK Export Finance moliyaviy institutlarini mamlakatimizning tog‘-kon sohasi va metallurgiya sanoatidagi loyihalarni amalga oshirishga, shuningdek, temir yo‘l transportini rivojlantirishga jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda o‘tgan yil oxirida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya kengashi (UBTIC) yig‘ilishi yakunlari yuqori baholandi. Uning doirasida turli yo‘nalishlarda, jumladan, bank sektori va ta’lim sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 8 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar 2023-yilning ikkinchi yarmida Londonda yuqori tashkiliy darajada UBTICning uchrashuvini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishda yaqin hamkorlikni davom ettirish niyatini bildirdilar.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha amaldagi kelishuvlarning ijrosini ta'minlashga ko‘maklashish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida muntazam uchrashuvlar amaliyotini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.