O‘zbekiston-Germaniya o‘rtasidagi savdo – iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlar yanada kengaymoqda
Germaniya Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi aʼzosi doktor Folker Trayer boshchiligidagi Germaniya delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida joriy yilning 14-sentyabr kuni Toshkent shahrida “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni”ga bag‘ishlab, O‘zbekiston-Germaniya o‘rtasidagi savdo- iqtisodiy, investitsiyaviy hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga doir bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarga boy dastur davra suhbati bilan boshlandi. Ushbu tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlik masalalari va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Abidov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Jamshed Urakov, Germaniya Savdo-sanoat palatasi tashqi savdo bo‘yicha bosh ijrochi direktori, boshqaruvi kengash aʼzosi Folker Trayer, Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirligining tashqi savdoni moliyalashtirish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Gerlind Xekman, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Murod Mirzayev va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tilo Klinner kirish so‘zi bilan ochdi.
O‘z qutlov nutqida spikerlar O‘zbekiston Germaniyani Yevropa Ittifoqining strategik hamkori deb bilishi hamda bugungi kunda ikkala tomon ham o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirayotganligini taʼkidladilar. Shu bilan birga, yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Maʼlumot uchun: so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonga kiritilgan Germaniya investitsiyalarining umumiy hajmi qariyb 2 milliard yevroni tashkil etdi. Shuningdek, hozirgi paytda Germaniya hamkorlari bilan birga qiymati 100 milliarddan ortiq bo‘lgan 10 dan ko‘proq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi 6 yil ichida O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni qariyb 3 barobar o‘sdi va bugungi kunda bu ko‘rsatkich 200 taga etdi. Joriy yilning 6 oyi davomida 17 ta qo‘shma korxona ishga tushirildi.
Davra suhbatidan so‘ng B2G formatidagi uchrashuvlar va “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni 2023” konferensiyasi tashkil qilindi.
Konferensiyada Germaniya va O‘zbekiston biznes hamjamiyatining 300dan ortiq vakillari, investorlar, shuningdek, O‘zbekiston vazirliklari va idoralari rahbarlari va mutaxassislari qatnashdilar.
Konferensiya dasturiga “O‘zbekistonda nemis dual taʼlim tizimi: imkoniyatlar va istiqbollar” va “O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi energetika sohasini o‘zgartirish borasida hamkorlik” mavzularidagi panel munozaralari kiritildi.
Konferensiya ishtirokchilari taʼkidlashicha bu kabi yirik xalqaro tadbirlar ishbilarmonlik aloqalarini yana-da kengaytirish, ikki tomonlama savdoni rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va tashabbuslarini ilgari surish istiqbollari va imkoniyatlarini aniqlash, umuman, har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.