Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining 8-yillik yig‘ilishida ishtirok etmoqda

Joriy yilning 25-sentabr kuni Misrning Sharm al-Shayx shahrida Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki Boshqaruvchilar kengashining 8-yillik yig‘ilishi o‘z ishini boshladi, u joriy yilda “Murakkab dunyoda barqaror rivojlanish” umumiy shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishning kun tartibidagi savollarga muvofiq, 25-26 sentabr kunlari “Infratuzilma sohasida investitsiyalar yetishmovchiligini bartaraf etishda xalqaro moliya institutlarining roli” va “Markaziy Osiyoning suv-energetika muammosi: O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni ta’minlash” mavzularida sessiyalar bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, Bank Boshqaruvchilari o‘rtasida biznes-sessiya boʻlib oʻtdi, unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri, Oʻzbekiston Respublikasidan OIIB Boshqaruvchisi Laziz Kudratov ishtirokchilarni O‘zbekistonda investitsiya va tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar, joriy etilgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, mamlakatimizda konstitutsiyaviy darajada o‘rnatilgan investorlar huquqlarining kafolatlari bilan batafsil tanishtirdi.

Shu bilan birga, hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator konstruktiv takliflar bildirildi. Xususan, davlat va xususiy loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirish, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston orqali o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasining Bankning navbatdagi Yillik yig‘ilishini 2024-yil 25-26-sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha taklifini ma’qullash to‘g‘risida OIIB Boshqaruv kengashining qabul qilgan qarori yig‘ilishning asosiy masalalaridan biri bo‘ldi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi vakili Laziz Kudratov OIIB Boshqaruv kengashi raisi etib saylandi.

- “Bank Kengashi Bankning navbatdagi yillik yig‘ilishini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan chin dildan xursandman. O‘zbekiston bunday tadbirlarni xalqaro miqyosda o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega va tadbirimiz yuqori saviyada o‘tishiga ishonaman” – deydi OIIB Prezidenti Szin Litsyun.

Tadbir doirasida respublikaning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatini yaqqol namoyish etuvchi O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi.

Tadbir davomida Laziz Kudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki rahbariyati bilan uchrashdi.

Tomonlar energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va tibbiyot kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 2,4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 13 ta loyihani o‘z ichiga olgan OIIBning O‘zbekistondagi joriy investitsiyaviy faoliyati o‘sishining ijobiy dinamikasini olqishladilar.

Bank rahbariyati Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlarni yuqori baholadi va OIIB mamlakatimiz bilan hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Shu oʻrinda davlat kafolatisiz loyihalarni moliyalashtirish hajmining izchil o‘sishi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun: 2023-yil mart oyidan shu kungacha bank energetika loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat kafolatisiz 415 million dollarlik 3 ta kredit liniyasini ma’qulladi.

Muzokaralar natijasida tomonlar qo‘shma loyihalarni sifatli amalga oshirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga qaratilgan faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.