Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston-Pokiston ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining joriy yil 26-27-dekabr kunlari Pokiston Islom Respublikasiga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Pokistonning asosiy vazirliklari va idoralari hamda ishbilarmon doiralar vakillari rahbarlari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

Xususan, PIR savdo vaziri Sayyid Navid Qamar, uning birinchi oʻrinbosari Sualeh Ahmad Faruqiy, milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqotlar vaziri Tariq Bashir Cheema, moliya vaziri Ishaq Dar, rejalashtirish, rivojlanish va maxsus tashabbuslar vaziri Ahsan Iqbol, temir yoʻllar vaziri Xavaja Saad Rafiq bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Ushbu uchrashuvlarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha Qoʻshma dasturni qabul qilish va kelgusida amalga oshirish, Imtiyozli savdo bitimi yuzasidan kelishish ishlarini yakunlash va uni kuchga kirishini ta'minlash, Tranzit savdosi toʻgʻrisidagi bitim imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish kabi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Toʻqimachilik sanoati, qurilish materiallari, mineral oʻgʻitlar, maishiy texnika ishlab chiqarish, uy-joy qurilishi, fan-texnika, turizm sohalarida umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrish, shuningdek, kimyoviy mahsulotlarni o'zaro yetkazib berishga kelishildi.

MDH davlatlari, Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrika mamlakatlari bozorlariga birgalikda mahsulotlarni chiqarishni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston va Pokistonning tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish lozimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Karachi va Gvadar portlarida O‘zbekiston kompaniyalari tomonidan off-dock terminallarni ijaraga olish imkoniyati o‘rganildi.

Tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish, shakar va sut mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish va ishlab chiqarilishini tashkil qilish, qo‘shma sholi yetishtiruvchi fermer xo'jaliklari va echki fermalarini tashkil etish masalalarini nazarda tutgan holda, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini alohida tahlil qildilar.

Pokiston tomoni muhokama qilingan tashabbuslarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga, fitosanitariya nazorati bo‘yicha yagona qoidalarni joriy etishga, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoniga texnik va maslahat yordamini kengaytirishga hamda mintaqaviy transport-logistika loyihalarini amalga oshirish doirasida hamkorlikni kuchaytirish va mintaqadagi manfaatdor davlatlarni ham ushbu jarayonga jalb etish yuzasidan munosabatlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Tashrif doirasida Bosh vazir oʻrinbosari Pokistonning TCS Logistics, Nishat Group, Ejaz Group, Fotima Group, All Pakistan Textile Mills Association, Getz Pharma, Najeeb Fibres, Wah Nobel Group, AKD Group, Jazz, Sarhad Savdo-sanoat palatasi, Alam Match va boshqa kompaniyalar rahbarlaridan iborat ishbilarmon doiralari delegatsiyasi bilan ham uchrashdi. Uchrashuvlarda O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va aniq loyihalar taqdim etildi.

Muloqot yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston tomoni qoʻshma sarmoyaviy loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.