Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston-Qatar: Toshkentda Hukumatlararo komissiyasining 1-yig‘ilishi va keng ko‘lamli biznes-forum bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 14-mart kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qatar Davlatining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan Hamza Hashem bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakovning joriy yil fevral oyida Dohaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi. Gap mart oyida ikki davlat oʻrtasida Savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 1-yig‘ilishi hamda Toshkentda ikki davlatning qoʻshma biznes-forumini oʻtkazish haqida ketmoqda.

Muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasida amalda bo‘lgan barcha kelishuvlarning samarali va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash, ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, biznes tuzilmalari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish, to‘siqlik qiluvchi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan yechim topish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha qator qoʻshma loyihalarni, jumladan Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bugʻ-gaz elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, sayyohlik oqimi va o'zaro savdo hajmini oshirish maqsadida Qatar Airways tomonidan ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni tashkil etish boʻyicha tashabbuslarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirishga kelishildi.