Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Vashingtonda bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Vashingtonga tashrif buyurdi va AQSHdagi hukumat rasmiylari hamda yetakchi amerika kompaniyalari vakillari hamda rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu, AQSH Savdo vazirining o‘rinbosari Alan Esteves, AQSH Savdo vakili o‘rinbosari Sara Byanki, AQSH O‘zbekiston Savdo palatasi (AO‘SP) raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiylar bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

AQSH Davlat kotibi yordamchisi Donald Lu bilan uchrashuv davomida O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Amerika tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni olqishlab, yirik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini eʼtirof etdi.

Suhbat chog‘ida savdo va investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishlarda tomonlar munosabatlarni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlab, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lishi jarayonining tezlashtirish doirasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishdilar.

AQSH savdo vaziri o‘rinbosari, Sanoat va xavfsizlik byurosi rahbari Alan Esteves bilan suhbat davomida, savdo oqimlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashinildi. Amerika tomoni O‘zbekistonning tashqi savdo jarayonlarining samaradorligini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. Samarali hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish maqsadida qo‘shma ishchi guruh shaklantirish, O‘zbekistondagi vazirliklar, idoralar, tijorat banklari vakillari malakasini oshirish uchun treninglar tashkil etish muhimligi aytib o‘tildi.

AQSH Savdo vakili o‘rinbosari Sara Byanki bilan muloqotda O‘zbekiston sarmoyaviy jozibadorligini mustahkamlash, savdo to‘siqlarini bartaraf etish hamda savdo operatsiyalarini yanada osonlashtirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda O‘zbekistonda energetika, mashinasozlik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan AQSH kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyati alohida taʼkidlandi.

Oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha navbatdagi amaliy tadbirlarni belgilash maqsadida bir qator qoʻshimcha uchrashuv va muzokaralar oʻtkazishga kelishib olindi.

Tashrif davomida Amerika-O‘zbekiston Savdo palatasi (AO‘SP) aʼzolari, amerika yirik biznes rahbarlari ishtirokida “davra suhbati” tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, joriy etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, investorlar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek xususiylashtirish jarayonlarining kengayishi va iqtisodiyotdagi davlat ulushining qisqarishi toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi.

AQSH yirik biznes vakillari mamlakatimizdagi islohotlarning yuqori samaradorligini taʼkidlab, qoʻshma texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun ikki mamlakatning yirik kompaniyalari oʻrtasida qator sohalarda toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligiga eʼtibor qaratdilar.

Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlik va o‘zaro savdoni kengaytirishga sodiqlini yana bir bor tasdiqladilar.