O‘zbekiston – Saudiya: Arabistoni hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida
Joriy yilning 20-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Oybek Xamrayev va Saudiya Arabistoni Podshohligi (SAP) Investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Muhammad Al Hasna o‘rtasida videokonferensaloqa orqali muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish borasida keyingi amaliy qadamlar muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zbekistonning turli hududlarida muqobil energiya sohasida qator yirik loyihalarni amalga oshirayotgan ACWA Power kompaniyasining ijobiy tajribasi qayd etildi. Kompaniya hozirgi kunda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusidagi investitsiya tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligiga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida SABIC, Saudi Telecom Company, Saudi National Bank, Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group, Jamjoom Pharma, Al Rajhi International, Ajlan & Bros Holding Group va Al Hokair Group kompaniyalari bilan kimyo, telekommunikatsiya, tibbiyot, farmatsevtika sohalari va bank sektori, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, chakana savdo tarmoqlarini tashkil etish yo‘nalishlarida bir qator loyihalarni maromiga yetkazib, foydalanishga topshirishni tezlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Saudiya Arabistoni tomonidan 24-25 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi savdo, iqtisodiyot, fan-texnika, madaniyat, sport va yoshlar sohalarida kelishuvlarni monitoring qilish bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning
6-yig‘ilishini SAPda tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar erishilgan barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida hamkorlikni oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.