O‘zbekiston va Avstriya savdo-iqtisodiy hamkorlik chegaralarini kengaytirmoqda
Vena shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Avstriya hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi va biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov, Avstriya Federal Mehnat va iqtisodiyot vazirligi bosh direktori Florian Frausher, Avstriya Iqtisodiy palatasi vitse-prezidenti Filipp Gadi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Avstriya hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish choralari muhokama qilindi.
Keng koʻlamli islohotlar va qulay sarmoyaviy muhit tufayli Avstriya kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoriga qiziqishi yuqori ekani taʼkidlandi. Ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmayotgan keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Tadbirda investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari, umummavsumiy turizmni rivojlantirish, “yashil” texnologiyalarni joriy qilish, muqobil energetika, tog‘-kon sanoati, infratuzilma va temir yo‘llarni modernizatsiya qilish, tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish sohasida, chorvachilikni rivojlantirish va boshqa yonalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Avstriya tomoni mazkur sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 20 dan ortiq takliflarni taqdim etdi.
Imzolangan yakuniy bayonnomada yaqin kelajakda ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisidagi bayon, Havo qatnovi toʻgʻrisidagi bitim, Avstriyaning Oʻzbekistonda tashqi savdo vakolatxonasini ochish, oʻzaro savdo toʻgʻrisidagi axborot bazasini yaxshilash, shuningdek, yirik kompaniyalarning har ikki davlatdagi ko‘rgazmalarda ishtirok etishini ta’minlash toʻgʻrisidagi kelishuvlar aks ettirildi.
Biznes-forum doirasida O‘zbekistonda kimyo va tog‘-kon sanoati, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilgan qo‘shma loyihalarning muvaffaqiyati haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Kimyo, tog‘-kon va geologiya, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalaridagi aniq loyihalarga Avstriya nazorat banki va yetakchi Avstriya kompaniyalari tomonidan moliyalashtirishni jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tashkil etilgan “B2B” va “G2B” tarzidagi uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo‘yicha savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi” shakllantirildi. Unda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini monitoring qilish mexanizmi ham o‘z aksini topdi.
Tashrif doirasida Avstriyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ham ikki tomonlama muzokaralar olib borildi. Konstruktiv fikr almashish chog‘ida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, chorvachilik, yong‘inga chidamli shisha va izolyatsion materiallar ishlab chiqarish kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.
Umuman olganda, avstriyalik kompaniyalarning O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqishi yuqoriligi va mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida istiqbolli qo‘shma loyihalarga sarmoyalarni karra-karra ko‘paytirishga tayyor ekanligi kuzatildi.