Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O'zbekiston va BAA o'rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 29 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev videokonferensaloqa tarzida Birlashgan Arab Amirliklarining energetika va infratuzilma vaziri Suxeyl Muhammad al-Mazrui bilan muzokaralar o'tkazdi.

Muzokaralar davomida ikki mamlakat o'rtasidagi investitsiyaviy munosabatlarning keng ko'lamli masalalari, shuningdek, strategik sheriklik va qo'shma loyihalarni amalga oshirishning asosiy yo'nalishlari bo'yicha o'zaro hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy sohada, shuningdek, an'anaviy va muqobil energetika, logistika, sog'liqni saqlash, qishloq xo'jaligi va turizm yo'nalishlarida jadal rivojlanayotgan hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muzokaralar davomida investitsiyalar sohasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ta'kidlanganidek, bugungi kunda qo'shma investitsiya portfeli umumiy qiymati 3 milliard dollarga yaqin bo'lgan 17 ta loyihadan iborat.

E'lon qilingan kapitali 1 milliard dollarni tashkil etuvchi O'zbekiston-BAA qo'shma investitsiya kompaniyasi faoliyatining natijalari yuqori baholandi. Kompaniya bugungi kunda 100 million dollardan ko'proq mablag'ni o'zlashtirgan. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining Mubadala va Taka kompaniyalari tomonidan Talimarjon IESning mavjud bloklarini xususiylashtirish va negizida yangi energiya bloklarini qurish loyihasini amalga oshirish muhimligi ta'kidlandi. Shu nuqtai nazardan Toshkent shahrida huquqiy bitimlar imzolashga tayyorgarlik ko'rish muddatlari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida O'zbekiston va BAA o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida konstruktiv fikr almashishni davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishildi.