Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 11 oktabr kuni Bosh vazir o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Timoti Torlot bilan uchrashuv o'tkazdi.

Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik doirasida erishilgan yutuqlar hamda investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O'zaro savdo hajmi izchil oshib borib, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 30 foizga o'sgani qayd etildi. Bu ko'rsatkichga hamda Buyuk Britaniya bozoriga eksportni diversifikatsiya qilish va hajmini 50 foizdan ortiq oshirishga boshqa omillar qatorida, O'zbekistonning kengaytirilgan GSP sxemasining benefitsiar maqomini olishi hisobiga erishildi. O'zbek tovarlari va xizmatlari sifatini oshirish va ularni tashqi bozorlarda ilgari surish uchun Buyuk Britaniyaning ilg'or tajribasi asosida raqamli ekotizim konsepsiyasini tayyorlash hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo'yicha kelishuvga erishildi.

O'zbekistonda Britaniya kompaniyalarining  qishloq xo'jaligi, farmatsevtika, to'qimachilik, shuningdek, IT sektori va yashil iqtisodiyot kabi sohalarda investitsiyaviy faolligini kengaytirish istiqbollari ko'rib chiqildi. Shu nuqtai nazardan, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, loyihalarni amalga oshirish samaradorligini yuksaltirish va O'zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi bo'yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga doir qo'shma amaliy chora-tadbirlar ko'rishga o'zaro tayyorlik bildirildi.

Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari alohida tartibda muhokama qilindi. Savdo va investitsiyalar, transport va kommunikatsiyalar, energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish hamda Orolbo'yi mintaqasida ekologik inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun C5+1 formatidagi muloqotni faollashtirish zarurligi ta'kidlandi.