Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida investitsiyaviy va sanoat hamkorligi faollashmoqda

Joriy yilning 1-mart kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan O‘zbekiston-Ispaniya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Oybek Xamraev, Ispaniya sanoat, savdo va turizm vazirining o‘rinbosari Shiana Mendez, ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar o‘z nutqlarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan valyuta bozorini liberallashtirish, soliqlar sonini qisqartirish, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish, Taraqqiyot strategiyasini qabul qilish, ma’muriy islohotlarni o‘tkazish, xususiy mulkni himoya qilish, sanoat siyosatini yurgizish, tadbirkorlikni rivojlantirish va boshqa islohotlar samaradorligini ta’kidladilar. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ Preferentsiyalar tizimi benefitsiari maqomini oldi va JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha faol harakat qilmoqda. Olib borilayotgan sa’y-harakatlar tufayli investitsiyaviy muhit yaxshilanib, tashqi savdo hajmi oshmoqda.

Shu tariqa, GSP+ benefisiar maqomi tufayli 2022-yilda O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozoriga eksporti 50 foizga, Ispaniya bozoriga esa qariyb 2,5 barobarga oshdi. Spikerlar o‘zaro tovar ayirboshlashni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi bilan birga, yetkazib berilayotgan tovarlar ro‘yxatini kengaytirish va hajmini oshirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston tomoni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun ikki mamlakatning raqobatbardosh ustuvorliklaridan foydalanishni kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqdi. Eng istiqbollilari - avtomobilsozlik va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, aholiga xizmat ko‘rsatish va infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlaridir. Bundan tashqari, har ikki davlat erkin savdo rejimlariga ega yirik mintaqaviy birlashmalarning aʼzosi boʻlib, bu ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratadi.

Forum doirasida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tomonlar diqqat markazida savdo, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi qoʻshma qadamlar boʻldi. Muzokaralar davomida farmatsevtika, to‘qimachilik, rangli metalllar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, elektr jihozlarini o‘zaro yetkazib berish hajmini oshirish, savdo uylari ochish, “Made in Uzbekistan” va “Made in Spain” qo‘shma biznes-forumlari va ko‘rgazmalarini o‘tkazish orqali foydalanilmayotgan resurs va imkoniyatlarni safarbar etishga kelishib olindi.

Forum yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonning turli hududlarida suv xoʻjaligi va suv tozalash inshootlarini qurish sohasida, shuningdek, ipakchilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirishga yangi yondashuv va texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qator kelishuvlar imzolandi. Bundan tashqari, biznes-forum dasturi doirasida B2B muzokaralari ham oʻtkazildi. Unda tadbirkorlar va investorlar toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish, manfaatlar kesishadigan nuqtalarni aniqlash hamda oziq-ovqat, yashil energiya va qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishlarida yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qilish imkoniga ega boʻldi.

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi. Tadbir yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama tovar ayirboshlashni kengaytirish, savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, oʻzaro koʻrgazma va yarmarkalar tashkil qilish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar ochish doirasida kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan choralarni qamrab olgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishildi.