Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O'zbekiston va Latviya o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 19 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Latviya hukumati delegatsiyasining tashrifi doirasida O'zbekistonda bo'lib turgan Latviya Respublikasi qishloq xo'jaligi vaziri Kaspars Gerxards bilan uchrashuv o'tkazdi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o'rtasida qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati, investitsiyalar, savdo, transport va logistika, shuningdek, boshqa ustuvor yo'nalishlar bo'yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko'rib chiqildi.

Tomonlar qishloq xo'jaligi investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirish va ikki tomonlama savdo hajmini oshirishning ustuvor yo'nalishi bo'lishi mumkinligi haqida yakdil fikr bildirdilar.

Shuningdek, Latviyada O'zbekistonning 50 ta eksport qiluvchi kompaniyalari vakillari ishtirokida “Made in Uzbekistan” savdo missiyasini tashkil etish istiqbollarini muhokama qilindi. Missiyaning faoliyati davomida O'zbekistonning oziq-ovqat, kimyo, to'qimachilik, charm, vino, farmatsevtika va turizm sohalaridagi ishlab chiqarish va eksport salohiyati namoyish etiladi. Bundan tashqari, o'zbek tadbirkorlari Boltiqbo'yi mamlakatlari ishbilarmon doiralari vakillari bilan B2B muzokaralarida, “Riga Food 2022” xalqaro oziq-ovqat ko'rgazmasida va Rigadagi O'zbekiston-Latviya biznes forumida ishtirok etadilar.

Tomonlar o'zaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlarning yangi istiqbolli yo'nalishlariga ham e'tibor qaratdilar. Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari va oliy ta'limni rivojlantirish bo'yicha yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Yaqin kelajakdagi hamkorlik rejalari, shuningdek, ikki mamlakatning tegishli vazirliklari va idoralari o'rtasida organik oziq-ovqat mahsulotlarini etishtirish va sertifikatlash, parranda go'shti va baliqni qayta ishlash bo'yicha tajriba almashishni o'z ichiga oladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ko'rib chiqilgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surish bo'yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.