Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik ko‘lami kengaymoqda

Joriy yilning 14-noyabr kuni Boku shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasi masalalari muhokama qilindi.

Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish vazifalari ko‘rib chiqildi. 2022-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 53 foizga, 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida esa 36,4 foizga o‘sgan. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi faoliyatining amaliy masalalari muhokama qilindi. Jamg‘arma hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirish va rahbariyatni muddatidan oldin tayinlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ikki davlat hududida suv tozalash inshootlari, turizm obyektlarini qurish, metall buyumlar va maishiy texnika, tibbiy asbob-uskunalar va buyumlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, toʻqimachilik klasterini tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalarning hayotga tatbiq qilinishi batafsil ko'rib chiqildi. Loyihalarni amalga oshirilishini tezlashtirish yuzasidan yakdil pozitsiyalar va bosqichma-bosqich mexanizmlar ishlab chiqildi.

Tomonlar, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va texnologik hamkorlikni, jumladan, innovatsion g‘oyalar va texnologik yechimlar almashinuvini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydigan tahlil markazlarini yaratish rejalarini olqishladi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada kengaytirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi hamda muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni jadal amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar va mas’ul rahbarlar belgilab olindi.