O‘zbekiston va Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga tayyor
Joriy yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining tashrifi doirasida Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Baxit Toroboyev va iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev bilan uchrashdi. Muloqotda o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari tomonlar diqqat markazida bo‘ldi.
Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Baxit Toroboyev bilan suhbat chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Qirgʻiziston Respublikasiga boʻlajak davlat tashrifining ahamiyati taʼkidlandi. Tashrif ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishga kuchli turtki berishi kutilmoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar forum davomida imzolanishi rejalashtirilgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari roʻyxatini sinxronlashtirdilar. Kimyo va toʻqimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, elektrotexnika, shuningdek, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport, logistika va turizm kabi sohalar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib borayotgani taʼkidlandi. So‘nggi 6 yil ichida ikki tomonlama savdo 8 barobar oshib, 2022-yilda 1,3 milliard dollarga yetdi. Yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qator aniq amaliy choralar koʻrishga tayyorlik bildirildi.
Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiev bilan uchrashuvda tijorat avtomobillari va yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, yigiruv va to‘qimachilik korxonalarini qurish va kengaytirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tadbirkorlarga tegishli shartnoma va bitimlar tuzishda ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasida, yaʼni ikki davlat hududlarida intensiv bogʻlar va yuqori texnologiyali issiqxonalar barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar. Shu maqsadda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish joylari, shuningdek, ikki davlat xususiy korxonalari orqali tashabbuskorlar bir hafta muddatda belgilanadi.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasini tayyorlash masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Loyihaning har bir bosqichini amalga oshirishning aniq muddatlari ko‘rsatilgan “Yo‘l xaritasi”ni imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini hayotga tatbiq etishni nazarda tutgan holda energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Tegishli hujjatlarni qabul qilishni tezlashtirish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida kelgusidagi hamkorlik formatini kelishib oldilar.