Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish choralari muhokama qilindi

25-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiya agentligi direktori Umbriel Temiraliev bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning bugungi holati va kelgusidagi chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga kuchli turtki bergan mazkur tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladilar.

Shu nuqtai nazardan, tashrif chog‘ida imzolangan muhim hujjatlarning o‘zvaqtidaligi va keng ko‘lamga ega ekanligi qayd etildi. Kimyo va toʻqimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, elektrotexnika, shuningdek, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va turizm sohalarida erishilgan kelishuvlar joriy etilishining hozirgi holati va ularni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshma rejalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, ikki davlat hududlarida intensiv bog‘lar va yuqori texnologiyali issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Qo‘shma loyihalarning aniq manzillari va tashabbuskorlari belgilangan. Loyihalar yuzasidan ishlarni jadallashtirish uchun tadbirkorlik vakillariga har tomonlama yordam berishga tayyorlik bildirildi.

Shuningdek, energetika sohasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Qambarota GES-1 qurilishi doirasida zarur bo‘lgan hujjatlar tayyorlanmoqda.

Ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va o‘zaro bog‘langan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish maqsadida investitsiya tashabbuslarini birgalikda moliyalashtirishning muhim vositalaridan biri hisoblangan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyati ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha yaqin hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga tayyorlik bildirildi va muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish doirasida kelgusida hamkorlik qilish formati kelishib olindi.