O‘zbekiston va Qozog‘iston ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirmoqda
Joriy yilning 26-oktabr kuni Ostona shahrida O‘zbekiston Hukumat delegatsiyasining Qozog‘istonga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev Qozog'iston hukumat a’zolari hamda asosiy vazirlik va idoralar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Qozogʻiston tomoni ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi muntazam muloqotlarning ishinchli xususiyatini, bu ikki davlat oʻrtasidagi barcha darajadagi ikki tomonlama strategik munosabatlar uchun mustahkam poydevor ekanligini taʼkidladi. Suhbat chogʻida oʻzaro sheriklikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga sodiqlik bildirildi.
Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar bilan energetika, mashinasozlik, to‘qimachilik tarmog‘i, sanoat kooperatsiyasi, tog‘-kon sanoati, transchegaraviy suv havzalarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish sohalarida qo‘shma investisiya loyihalarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini (XSKM) tashkil etish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini, jumladan, Qozog‘iston Respublikasiga yuqori darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bilan tasdiqlangan umumiy qiymati 3,3 milliard dollarlik 34 ta loyiha va 37 ta yangi 2,5 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Tasdiqlangan tarmoq jadvallari asosida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash va kelgusida hayotga joriy qilish, shuningdek, istiqbolli investitsiya loyihalarini XSKM hududida joylashtirish yuzasidan ishlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bosh vazir oʻrinbosari – savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin bilan suhbatda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transchegaraviy va mintaqaviy transport-logistika yoʻlaklarini kengaytirish boʻyicha aniq amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Qozog‘istondagi davlat xaridlarida ishtirok etishi, shuningdek, ikki mamlakat eksportyorlari tomonidan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni soddalashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvlar yakunida muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni jadal amalga oshirish doirasida mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi, shu bilan birga bu yilgi Hududlar forumi hamda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazishning barcha tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.