Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 37 ta investitsiya loyihasi va savdo shartnomalaridan iborat “Yo‘l xaritasi” imzolandi

29-dekabr kuni Ostona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev va Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari – savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Tokayevning joriy yil 21-22-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi davomida imzolangan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” yuzasidan kelishib oldilar.

Hujjat energetika, transport, elektrotexnika va kimyo sanoati, infratuzilmaviy qurilish, mashinasozlik, farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi sohalarida investitsiyaviy va savdo hamkorligi boʻyicha 37 ta tadbirni oʻz ichiga oladi.

“Yo‘l xaritasi” quyidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni nazarda tutadi:

- Navoiy va Toshkent viloyatlarida fosforli va kompleks mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish (“Kazfosfat” MChSh va “O‘zkimyosanoat” AK hamkorligida);

- Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qurilayotgan umumiy quvvati 2 GVt gacha bo‘lgan uchta yangi ko‘mir bilan ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarining yoqilg‘i ehtiyojlarini uzoq muddatli (kamida 10 yil) Shubarko‘l konidagi ko‘mir bilan ta’minlash;

- BI Group kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida uy-joy, ijtimoiy va tijorat infratuzilmasini qurish;

- “Allur kompaniyalar guruhi” AJ ishtirokida Qozog‘istonda Chevrolet Onix avtomobillarini ishlab chiqarish;

- Qarag'anda viloyatida "Artel" maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish;

- Chimkent shahrida keramik plitkalar ishlab chiqarishni tashkil etish;

- erta kartoshka, go'sht va go'sht mahsulotlari hamda meva-sabzavotlarni yetkazib berish.