O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish niyatida
Joriy yilning 17-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Badr al-Badr bilan videokonferensaloqa tarzida muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash yoʻllari, shuningdek, joriy yilning avgust oyida Saudiya Arabistoniga boʻlib oʻtgan oliy darajadagi tashrif natijalariga koʻra loyihalarni amalga oshirish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etilishi ko'rib chiqildi.
Ikki davlat oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokida 38 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Oxirgi 5 yil ichida ularning soni qariyb 5 barobar oshdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistondagi 5 ta loyihasining umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq va umumiy quvvati 4,1 GVt dan ko‘proq bo‘lgan ACWA Power kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikning erishilgan natijalarini yuqori baholab, tomonlar ushbu loyihalarni jadallashtirishga va qayta tiklanadigan energiya manbalari salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi investisiya dasturini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Xuddi shunday tarzda, Sabic, Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group, Al Rajhi International, Ajlan & Bros, Al Hokair Group, Jamjoom Pharma va boshqalar bilan kimyo sanoati, tibbiyot va farmatsevtika sanoati, qishloq xoʻjaligi va chakana savdoda loyihalarni amalga oshirishning hozirgi holati tahlil qilindi. Shuningdek, mavjud kelishuvlarni faol amalga oshirish bo'yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirishga o'zaro tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha muhokama qilingan barcha kelishuv va loyihalar bajarilishining har kungi monitoringini olib borish va ijrosini tezlashtirish doirasida chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi.