O‘zbekiston va Singapur sarmoyaviy hamkorlikni oshirmoqda
Joriy yilning 24-may kuni Toshkentda “O‘zbekiston – Singapur” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Uning asosiy maqsadi ishtirokchilarning mamlakatlar milliy iqtisodiyotlarining raqobatdosh ustunliklar va drayverlari haqida xabardorligini oshirish, shuningdek, ikki davlat hukumati va ishbilarmon doiralari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat bo‘ldi.
Biznes-forumda Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari, “Meinhardt”, “PSA International”, “Wilmar International”, “Changi xalqaro aeroporti”, “EINZ Engineering & Construction”, “Lazada Group”, “MSI Global”, “Engarde Ventures”, “TMC” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Jamshid Xodjayev biznes-forum ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, O‘zbekiston bilan Singapur o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanishining ijobiy dinamikasini yuqori baholadi. U, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17-yanvardagi Singapurga tarixiy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarning yangi sahifasini ochib, hamkorlik rivojlanishiga katta turtki berganligi, hamda uning natijalari bo‘yicha 3,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllanganligini qayd etdi.
Singapur va Oʻzbekiston oʻrtasidagi tashqi savdo munosabatlari ham izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. 2023yil boshidan buyon uning hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bir necha baravar oʻsdi.
Investitsiya sohasidagi munosabatlar va sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishidagi hamkorlik kengaytirilmoqda. Singapur kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni so‘nggi yetti yilda 3,5 barobar oshdi.
Singapurning yirik kompaniyalari bilan “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika sanoati, ta’lim, turizm, infratuzilmaviy rivojlanish va davlat kompaniyalari aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda va ishlab chiqilmoqda.
Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan bir qator vazifalar haqida soʻz bordi. Mamlakatda maʼmuriy islohot amalga oshirildi, JSTga aʼzo boʻlish jarayoni faollashtirildi, Konstitutsiyaga erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson kapitalini mustahkamlash, tadbirkorlik erkinligini, investorlar huquqlarini, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.
O‘z navbatida, Singapur Prezidenti Halima Yaqub sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasidagi sheriklik ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Singapur Prezidenti oliy darajadagi o‘zaro tashriflar natijalarini yuqori baholab, muhim yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini bildirdi.
Yuqori martabali mehmonlar ishbilarmon doiralar vakillariga murojaat qilar ekan, hukumat vakillari qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladilar hamda kompaniya va korporatsiyalar rahbarlarini hamkorlikni kengaytirishga, o‘zaro manfaatli yangi shartnoma va bitimlar tuzishga chaqirdilar.
Tadbir doirasida ta’lim, transport, shaharsozlik va moliyaviy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan panel munozaralari ham bo‘lib o‘tdi.
Biznes-forum yakunida O‘zbekiston va Singapur ishbilarmon doiralarini qiziqtirgan qator yo‘nalishlar bo‘yicha mustahkam investitsyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.