Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston-Vyetnam hamkorligini kengaytirishning yangi yo‘nalishlari

Xanoy shahrida tashrif bilan bo‘lib turgan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Vetnam qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Phung Duk Tien, Gelex Group kompaniyasi raisi Nguyen Long, Vetnam elektron sanoati assotsiatsiyasi ijrochi direktori Du Thi va Mareven Food Holdings kompaniyasi direktori Nguyen Duong bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Phung Duk Tien bilan suhbat chogʻida gilos, olma, xurmo, bodom, yong'oq, piyoz, sarimsoq va boshqa mahsulotlar yetkazib berish uchun fitosanitariya ruxsatnomalari olinishini jadallashtirishni nazarda tutgan holda Oʻzbekistondan Vetnam bozoriga yangi uzilgan va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini koʻpaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar Vetnamlik mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekistonda sholichilikni rivojlantirish dasturini amalga oshirish va yangi navlarni joriy etishni davom ettirish, shuningdek, O‘zbekiston va Vetnam sholichilik ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida urugʻchilik tizimini takomillashtirish hamda Vetnam ertapishar navlarini Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish yoʻnalishlaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Vetnam milliy qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda sholi yetishtirish qo‘shma kafedrasi, Xorazm viloyatida sholining qurg‘oqchilikka, sho‘rlanishga va O‘zbekistonning boshqa tuproq-iqlim sharoitlariga chidamli bo‘lgan yangi navlarini ko‘paytirish uchun O‘zbekiston-Vetnam sholichilik markazi tashkil etiladi.

Shu bilan birga, Vetnam Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuproq holatini monitoring qilishga moʻljallangan agrokimyoviy xaritalarni ishlab chiqish boʻyicha oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashadi va agrosanoat sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Vetnam kompaniyalari va zamonaviy texnologiyalarni Oʻzbekistonga jalb etishga koʻmaklashadi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha kelishuv va tashabbuslarni sifatli amalga oshirish maqsadida tomonlar aniq mexanizmlar, mas’ul ijrochilar va muddatlarni ko‘rsatgan holda ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasida qo‘shma Hamkorlik dasturini tayyorlaydi.

Gelex Group kompaniyasi raisi Nguyen Long bilan uchrashuvda muqobil energiya manbalari, elektrotexnika sanoati va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘tarildi. Muzokaralar yakunida tegishli loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Xuddi shunday konstruktiv ruhda Vetnam elektronika sanoati assotsiatsiyasi ijrochi direktori Du Thi bilan muzokaralar olib borildi. Vyetnam kompaniyalarini jalb etgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan Hamkorlik dasturini imzolashga kelishildi. O‘zbekistonning turli hududlarida yarimo‘tkazgichli mahsulotlar, elektron sanoat uchun bosma platalar, shuningdek, LED chiplari ishlab chiqarish shular jumlasidandir.

Shu kuni “Mareven Food Holdings” kompaniyasi direktori Nguyen Duong bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda “Angren” EIZda oziq-ovqat va salqin ichimliklar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalasi koʻrib chiqildi.

Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar aniq amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar va kelgusida hamkorlik qilish formatini belgilab oldilar.