Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O'zbekiston xususiy sektori JSTga kirishga tayyorlanmoqda

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan birgalikda joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida O'zbekistonning barcha hududlarida “O'zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo'lishi doirasida xizmatlar bozoriga kirish” mavzusida seminar va treninglar o'tkazilmoqda.

Tadbirlar davomida O'zbekistonning JSTga kirishi bilan bog'liq imkoniyatlar va yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolar, bu jarayonda xususiy sektorning o'rni, "O'zbekistonda savdoni rivojlantirishga ko'maklashish" dasturi doirasida O'zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan texnik ko'mak olish tartibi to'g'risida batafsil taqdimotlar o'tkazilmoqda.

Mashg'ulotlar ishtirokchilari JSTning tovarlar va xizmatlar savdosini tartibga soluvchi Bitimlari, savdo shartnomalarini tuzish bo'yicha muzokaralar olib borish jihatlari, shuningdek JST doirasida xususiy sektor va Hukumat o'rtasidagi o'zaro munosabatlar xususiyatlari bilan tanishmoqdalar.

Qoraqalpog'iston Respublikasida seminar 27-sentabr, Xorazm viloyatida - 28-sentabr, Surxondaryo viloyatida - 4-oktabr, Qashqadaryo viloyatida - 5-oktabr, Sirdaryo viloyatida - 11-oktabr, Jizzax viloyatida - 12-oktabr, Samarqand viloyatida - 13-oktabr, Navoiy viloyatida - 18-oktabr, Buxoro viloyatida - 19-oktabr, Farg'ona viloyatida - 24-oktabr, Andijon viloyatida - 25-oktabr, Namangan viloyatida - 26-oktabr kuni o'tkaziladi.

Tashkil etilayotgan seminar va treninglarda ishtirok etish masalalari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining viloyat boshqarmalariga murojaat qilishingizni so'raymiz.