Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston-Yaponiya sarmoyaviy hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi

15-dekabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchi ijrochi direktori M. Uchida, Kyuden International prezidenti R. Yusu va Sojitz korporatsiyasining bosh operatsion direktori T. Nishikavadan iborat Yaponiya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Sirdaryo viloyatida EDF (Fransiya), Nebras Power (Qatar), Sojitz Corporation va Kyuden International (Yaponiya) konsorsiumi tomonidan quvvati 1600 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish” loyihasini amalga oshirishni yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya kompaniyalari vakillari loyihani ilgari surishda ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirib, 2023-yil fevralidan qurilish-montaj ishlarini boshlash rejalarini ma’lum qilishdi.

O‘z navbatida, JBIC rahbariyati Bank moliyalashtirishga tayyorligini bildirib, ushbu loyiha O‘zbekistonda birinchi bo‘lib suveren kafolatsiz amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun: JBIC bilan hamkorlik o‘rnatilganidan buyon umumiy qiymati 2,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 11 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, shundan bank krediti 1,4 milliard dollarni tashkil etadi.

Uchrashuvda, shuningdek, Sojitz korporatsiyasi va Kyuden International kompaniyalari bilan qayta tiklanadigan energiya, vodorod energetikasi, kimyo va sog‘liqni saqlash sohalarida DXSh loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.