O‘zbekistonda BYD elektromobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda
Joriy yilning 26-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Xitoyning BYD konglomerati o‘rtasida “O‘zbekistonda gibrid va elektr avtomobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish” Investitsiya bitimini imzolashning tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hujjatga ko‘ra, BYD Auto kompaniyasi va “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan mamlakatimizda gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi tashkil etiladi. Investitsiya loyihasining birinchi va ikkinchi bosqichlarida rejalashtirilgan ishlab chiqarish hajmi 50 ming dona, uchinchi bosqich yakunlanishi bilan esa bu ko‘rsatkich 300 ming dona avtomobilni tashkil etadi.
Marosimda ta’kidlanganidek, BYD Uzbekistan Factory elektromobillar bo‘yicha jahon yetakchisining Xitoydan tashqarida birinchi qo‘shma korxonasi bo‘ladi, bunga O‘zbekistonning mashinasozlik sohasida sanoat, fan va texnika yutuqlari hamda O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi tufayli erishildi.
Ma’lumot uchun: 2022 yilda Xitoy konserni muqobil energiyada harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchisiga aylandi.