O‘zbekistonlik mutaxassislar Yaponiya korxonalarida tayyorlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida “Noritsuisu Co LTD” kompaniyasi prezidenti Shoga Aoki va "Meinan Co LTD" kompaniyasi prezidenti Motoyoshi Baba bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda standartlashtirish sohasidagi xodimlarning amaliy ko‘nikmalari va malakasini oshirishning tashkiliy jihatlarini nazarda tutgan holda, xalqaro sanoat standartlarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish sohasida hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi tomonidan respublikaning standartlashtirish sohasida kadrlar tayyorlash uchun 500 ming dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratilgan.
Loyiha doirasida Yaponiya tomonining ijrochi hamkori mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Noritsuisu Co Ltd" kompaniyasida O‘zbekiston vakillarini Yaponiya tajribasi asosida zamonaviy sanoat standartlarini joriy etish asoslariga o‘rgatish rejalashtirilgan.
Yaponiya tomoni bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv yakunlari boʻyicha 2023-yil yanvar oyida Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligining 20 nafar mutaxassisini "Noritsuisu Co Ltd" va Meinan Co Ltd" korxonalariga malaka oshirish uchun xizmat safariga joʻnatishga kelishib olindi.