Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Poytaxtimizda “O‘zbekiston 2023: Iqtisodiyot va investitsiyaviy faolliyat istiqbollari” mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 27-fevral kuni Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) tomonidan davlat va xalqaro moliya institutlari, Yevropaning tegishli savdo palatalari va tadbirkorlar uyushmalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekiston 2023: Iqtisodiyot va investitsiyaviy faolliyat istiqbollari” mavzusida onlayn vebinar bo‘lib o‘tdi. Vebinarda ishtirok etish uchun Yevropaning 280 dan ortiq kompaniyalari vakillari roʻyxatdan oʻtdi.

Vebinarda ma’ruzalari bilan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Sarvar Hamidov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian, Yevropa Komissiyasining Savdo bo‘yicha Bosh direktorati bo‘limi rahbari Nele Eichhorn, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) mintaqa bo‘yicha yetakchi iqtisodchisi Erik Livni, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) huzuridagi O‘zbekistonning doimiy missiyasi katta iqtisodchisi Begzod Jalilov, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi direktori Murat Mirzayev.

MIITdan ma’ruzachi o‘z nutqida ishtirokchilarni O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va milliy soliq tizimining shaffofligini ta’minlashga qaratilgan so‘nggi ma’muriy islohotlar bilan tanishtirdi. Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi qator muhim kelishuvlarga asoslangan Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarning yuqori darajasi va hamkorlikning ijobiy dinamikasi alohida ta’kidlandi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda erishilgan iqtisodiy yutuqlar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ham alohida ta’kidlandi. Mamlakatimiz uchun GSP+ maqomini olishda, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashda hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantishda YeIning roli alohida ta’kidlandi.

YETTB va OTB mintaqaviy iqtisodchilarining hisobotlari tinglanib, ularda O‘zbekistonni 2023-yilda rivojlantirishning asosiy masalalari va imkoniyatlari, shuningdek, o‘tgan 5 yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda ochilayotgan istiqbollar ko‘rib chiqildi. Xususan, mashinasozlik, elektronika, qishloq xo‘jaligi kabi tarmoqlarni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgani va bu, o‘z navbatida, tashqi savdo aylanmasining oshishiga zamin yaratgani ta’kidlandi.

Investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligining bo‘lajak mahalliy va xalqaro investorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida YeI komissiyasi bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi bildirildi.

Ma’lumot uchun: Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) Yevropaning rasman tan olingan notijorat birlashmasi bo‘lib, to‘liq a’zolik to‘lovlari hisobidan moliyalashtiriladi. Bosh qarorgohi Bryusselda va vakolatxonasi Toshkentda joylashgan. EUROUZ xalqaro biznes assotsiatsiyasi va O‘zbekistondagi Yevropa savdo palatasi bo‘lib, o‘z a’zolariga bozorlarni organish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda davlat va biznes o‘rtasida muloqotni rivojlantirishga har tomonlama yordam beradi.