Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Poytaxtimizda tadbirkorlarga istiqbolli loyihalar taqdim etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda bir qator tegishli vazirlik va idoralar tomonidan turli soha yo‘nalishlarida ishlab chiqilgan istiqbolli loyihalar to‘g‘risida taqdimotlar (“Road Show”) o‘tkazildi.

Iqtisodiyot tarmoqlar yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlar davomida mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan biznes vakillariga 140 ta loyiha taqdim etildi. Tadbirda bevosita hududiy studiyalardan onlayn tarzda yuzlab tadbirkorlar ishtirok etdi.

Taqdim etilgan loyihalar hududlardagi sanoatni rivojlantirish imkoniyatlarni tanqidiy tahlil qilish natijalari hamda har bir viloyatning alohida tarmoq va yo‘nalishlarini rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Taqdimotlar kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, metallurgiya, charm-poyabzal sanoatlari, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi mavzular bo‘yicha alohida yig‘ilishlar tarzida bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, taqdim etilgan har bir loyihaning amalga oshirilishi davlat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi. So‘zga chiqqanlar ishtirokchilarga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgani bilan ochilgan yangi imkoniyatlar hamda sanoat ipotekalarini berish va yer ajratish tartibi haqida taqdimotlar o‘tkazdilar. Shuningdek, har bir loyiha taklifini amalga oshirish istiqbollari va shartlari ko‘rib chiqilib, tashkil qilingan “savol-javob” sessiyasi davomida tadbirkorlarga ular qiziqqan barcha ma’lumotlar berildi.

Tadbir davomida qatnashchilarga loyihalarni hayotga tatbiq qilish yo‘llari bo‘yicha batafsil maslahatlar berildi. Shuningdek, barcha darajadagi davlat organlarining loyihalar ijrosining har bir bosqichida to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.