“Qirg‘iziston - O‘zbekiston” biznes-forumi ikki tomonlama hamkorlikning yangi qirralarini ochib berdi
26-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Bishkek shahrida “Qirg‘iziston – O‘zbekiston” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat hukumatlari aʼzolari, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, hududiy maʼmuriyatlar rahbarlari, ishbilarmon doiralarining 350 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Spikerlarning Forumning ochilish marosimidagi nutqlarida so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Jumladan, ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ushbu davrda 7 barobarga oshib, 2022-yilda 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, maʼlum qilinganidek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston iqtisodiyotlari yaqin kelajakda 2 milliard dollarlik marradan oshish uchun yetarli salohiyatga ega. Bunga, boshqa choralar bilan bir qatorda, sement, koʻmir, rangli metalllar, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik mahsulotlari, kimyoviy o'g'itlar, maishiy va savdo uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish evaziga erishish mumkinligi qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berildi. 2016 yilga nisbatan qo‘shma korxonalar soni 8 barobarga oshib, 320 taga yetdi. Avtomobil va tijorat texnika vositalarini ishlab chiqarish, qo‘shma to‘qimachilik korxonalarini ishga tushirish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, elektr energiyasini hisobga olish tizimini joriy etish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishildi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirishi tamoyili asosida temir, kaolin, travertin, bazalt konlarini o‘zlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham har ikki iqtisodiyotning raqobatdosh ustunliklaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bunda intensiv bog‘lar va zamonaviy issiqxonalarni rivojlantirish, birgalikda kartoshka, makkajo‘xori va go‘sht yetishtirish, qo‘shma chorvachilik komplekslarini yaratish nazarda tutilmoqda.
Forum davomida hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor berildi. O‘zbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashining tashkil etilishi, shuningdek, Andijon va O‘sh, Namangan va Jalolobod, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasida qardoshlik munosabatlari o‘rnatilgani tufayli keyingi 3 yil ichida bu hududlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar oshdi. O‘zaro ishbilarmonlik missiyalari, koʻrgazma va forumlar oʻtkazish, ikki mamlakat hududlarining turizm salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.
O‘tgan yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tarixiy uch tomonlama bitim imzolangani ta’kidlandi. Mazkur strategik loyiha ro‘yobga chiqarilishini faollashtirish transport va logistika sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida tilga olindi. Bu loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida anʼanaviy tranzit yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish va yuk tashish hajmlarini oshirish imkonini beradi.
Tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, ikki davlat tadbirkorlarining doimiy hamkorligi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi. Uning yordamida ishbilarmon doiralar vakillari savdo shartnomalarini tuzishlari, tayyor sanoat kooperatsiyasi loyihalari va biznes hamkorlar tanlashlari mumkin bo‘ladi.
Biznes-forum dasturi doirasida panel muhokamalari va davra suhbati ham o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, kooperatsiya va hududiy integratsiya masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Undan keyin boʻlib oʻtgan “B2B” muzokaralari tadbirkorlar va investorlarning eʼtiborini yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga qaratdi va kelishuvlarga erishish uchun oʻzaro hamkorlik formatlari va intensivligini aniqlash imkonini berdi.
Forum yakunlari bo‘yicha kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan muhim kelishuvlar imzolandi.