Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Samarqandda O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 1-dekabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar, viloyatlar, tarmoq birlashmalari va uyushmalar rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan 500 dan ortiq yetakchi kompaniya va korporatsiyalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Rossiya delegatsiyasiga esa Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov boshchilik qildi.

Delegatsiyalar rahbarlari o‘z chiqishlarida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajada ekani, shuningdek, qo‘shma sarmoyaviy loyihalar soni izchil ortib borayotgani, uzoq muddatli savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidladilar.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash o‘sishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. So‘nggi besh yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 170 foizga o‘sdi, 2021-yil oxiriga kelib esa yana uchdan bir qismga ko‘payib, 7,5 milliard dollardan oshdi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani bildirildi.

Tomonlar keyingi yillarda investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi faollashganini yuqori baholadilar. O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni so‘nggi 5 yilda 3 barobarga ko‘payib, 3000 tadan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda neft-kimyo, energetika, kon-metallurgiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, shuningdek, meva-sabzavotlarni qayta ishlash kabi sohalarda Rossiya kompaniyalari bilan umumiy qiymati 20 milliard dollardan ortiq bo‘lgan ikki yuzga yaqin qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berayotgani haqida so‘z bordi.

Sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini va savdo kelishuvlarini ishlab chiqish maqsadida hududlararo kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshma ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi. Yaqin kelajakda 2023-yilga mo‘ljallangan hududlarga o‘zaro tashriflar jadvali tasdiqlanadi va navbatdagi uchinchi Mintaqalararo forumni o‘tkazishning aniq sanasi kelishib olindi.

Biznes-forum ekspertlar muloqoti uchun samarali maydonga aylandi. Bu yerda O‘zbekiston va Rossiyaning qator tarmoqlarining salohiyati keng ochib berilib, istiqbolli sarmoyaviy loyihalar taqdim etildi. Tadbir dasturi doirasida, shuningdek, sanoat klasterlarini birgalikda rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi zanjirlarini shakllantirish, yoqilg‘i-energetika tarmog‘i, sanoat va transport, eksport hajmini oshirish, agrosanoat majmuasida kichik va o‘rta biznes sub’ektlari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, IT-texnologiyalarni joriy etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni raqamlashtirish, bozorlarni rivojlantirish kabi yirik qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishdek ustuvor yoʻnalishlarga ishtirokchilar eʼtiborini qaratgan bir necha panel sessiyalari ham boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida uchrashuvlar tashkil etilib, ularda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomi ostida ko‘rgazma ham tashkil etilib, unda mamlakatimizning bir qator tarmoqlar va yo‘nalishlardagi sanoat salohiyati namoyish etildi. Ekspozitsiya rossiyalik biznes vakillarida qiziqish uyg‘otib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun zamin yaratdi.

Umuman olganda, biznes-forum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillariga o‘z yon daftarlari yangi hamkorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan boyitish, o‘zaro manfaatli yangi loyiha va tashabbuslarning texnik va moliyaviy jihatlarini atroflicha muhokama qilish, uzoq muddatli istiqboldagi mushtarak manfaatlarni belgilash imkonini yaratib, O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi sheriklikning yangi qirralarini ochib berdi.