Samarqandda O'zbekiston-Vengriya biznes-forumi bo'lib o'tdi
Joriy yilning 10 noyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti arafasida O'zbekiston-Vengriya biznes-forumi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekistonning asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlari hamda AKT, qurilish, mashinasozlik, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat, tibbiyot va farmatsevtika, transport, logistika va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi 200 ga yaqin yirik venger va o'zbek kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Forumning ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto ishtirok etdi.
Jamshid Xodjayev ikki mamlakat rahbarlari o'rtasidagi ishonchga asoslangan munosabatlarni o'zbek-venger aloqalari rivojlanishining ijobiy dinamikasini belgilovchi omillaridan biri sifatida ta'kidlab, O'zbekistonning iqtisodiyot, savdo, sanoat va investitsiyaviy muhitni rivojlantirishdagi muhim yutuqlarini sanab o'tdi. Xususan, investorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, energiya resurslari bilan ta'minlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish va xususiylashtirish jarayonlarini boshlash, ichki biznes va xorijiy investorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar joriy qilish, Yevropa Ittifoqi bozorlariga GSP+ doirasida va MDH mamlakatlari bozorlariga tovarlarni yetkazish, mintaqalararo transport koridorlarini diversifikatsiya qilish yo'nalishlarida amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar ochib berildi.
Muqobil energetikani rivojlantirish, foydali qazilmalarni qazib olish va chuqur qayta ishlash, qishloq xo'jaligi, avtomobilsozlik, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va turizm kabi sohalar qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo'nalishlari sifatida belgilandi.
Shuningdek, barcha qo'shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda davlat tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlanishiga tayyorlik bildirilib, ikki mamlakat o'rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirishning ahamiyati qayd etildi. Vengriya investitsiya va savdo doiralari vakillari O'zbekiston hukumatining o'zbek-venger biznes hamkorligini jadal rivojlantirishga sodiqligiga ishontirildilar.
Biznes-forum davomida O'zbekiston va Vengriya vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari o'rtasida G2B va B2B uchrashuvlari tashkil qilindi. Ularda ishtirokchilar qo'shma korxonalar tashkil etish va o'zaro manfaatli savdo bitimlarini tuzish masalalarini muhokama qilish imkoniga ega bo'ldilar.
Tadbir yakunida 8 ta hujjat imzolandi, jumladan, avtomobilsozlik, transport-logistika xizmatlari, yengil sanoat, parrandachilik sohalarida hamkorlik to'g'risida Kelishuv va Shartnomalar hamda tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, ilmiy-texnika va baliqchilik sohasida O'zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.