Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi boshlandi
Bugun, 16-may kuni Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik Yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Bu yilgi mavzu (Investing in Resilience) “Barqarorlik uchun sarmoya kiritish”, deb nomlandi.
Uch kun ichida Samarqand 73 ta davlatdan 2000 dan ortiq mehmonni qabul qiladi. Ular orasida xorijiy hukumatlar vakillari, transmilliy korporatsiyalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi taniqli ekspertlar, jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari bor.
Yig‘ilish doirasida 50 dan ortiq panel muhokamalari, hamkorlik sessiyalari, yuqori darajadagi tadbirlar, matbuot anjumanlari, Bankning institutsional tadbirlari va boshqa iventlar o‘tkaziladi. Xalqaro savdo, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, bozorlarni kengaytirish uchun raqamlashtirishning ahamiyati, YeTTBning “Yashil shaharlar” dasturini amalga oshirish, mintaqaviy iqtisodiyot istiqbollari - muhokama qilinadigan masalalar qatoridadir.
Tadbir doirasida biznes-forum, bir qator investitsiya bitimlari va shartnomalari imzolanadi. Birinchi kunning o‘zidayoq “O‘zsanoatqurilishbank” va YeTTB o‘rtasida moliyalashtirish liniyasini jalb qilish bo‘yicha Bitim, YeTTB va Mastercard inklyuziv o‘sish markazi o‘rtasida Memorandum, shuningdek, YeTTB va ACWA Power o‘rtasida imzolash marosimi rejalashtirilgan.
Bu hali boshlanishi. Ma’ruzachilar ta’kidlaganidek, tasdiqlanishi rejalashtirilgan hujjatlar ahamiyati, shuningdek, yuqori darajadagi mehmonlarning tadbirda ishtirok etishi xalqaro hukumat va sarmoyaviy doiralarning O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli institutsional islohotlar va o‘zgarishlarga bo‘lgan ishonchining oshishidan, mamlakatimizni ko‘proq o‘rganish va unga yaqin bo‘lish istagidan dalolar beradi.