Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

SPECA mamlakatlari rivojlanishining ustuvor yo'nalishlari belgilab berildi

Joriy yilning 17-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon Respublikasi uchun maxsus dasturi (SPECA)ga aʼzo davlatlar vazirlarining videokonferensaloqa tarzida boʻlib oʻtgan yigʻilishida ishtirok etdi.

Laziz Kudratov o‘z nutqida mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi mustahkam aloqani ta’kidlab, an’analar, urf-odatlar va madaniy qadriyatlar yaqinligini ta’kidladi. O‘zbekistonning keyingi yillarda olib borilayotgan faol tashqi iqtisodiy siyosati bilan simbiozda bu yaqinlik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda sezilarli natijalar berdi. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan SPECAga a’zo davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 9,2 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda mintaqa davlatlarida faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo’shma korxonalar soni 2017-yildan buyon besh baravar ko‘payib, 2212 taga yetdi.

Ishtirokchilarning diqqati mintaqa davlatlarining savdo-iqtisodiy salohiyati, boy tabiiy va inson resurslari hamda qulay geografik joylashuviga qaratildi. Shu nuqtai nazardan, ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qator ustuvor yo‘nalishlar ilgari surildi. Ular orasidan raqobatdosh ustunliklarni ishga solib, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mavjud savdo to‘siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni soddalashtirish, bojxona va chegara tartib-qoidalarini raqamlashtirish tashabbuslari o‘rin oldi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha ESKATO barqaror qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash markazining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish taklif etildi. Bundan tashqari, transport koridorlarini diversifikatsiya qilish va BMT standartlaridan foydalangan holda Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘ylab multimodal ma’lumotlar va hujjatlar almashinuvini raqamlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish masalalari muhokama qilindi.

SPECA mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama Trast jamgʻarmasini yaratishni jadallashtirish hamda yashil iqtisodiyotga oʻtish, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar SPECA doirasidagi ko‘p tomonlama, ochiq va amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishga qat’iy niyatlarini bildirdilar.